Tirilish

Lev Tolstoy

Tolstoy dahosining 10 yillik mehnati samarasi o‘laroq dunyoga kelgan bu asarda adib o‘z zamonasidagi voqelikni tasvirlagan bo‘lsa-da, insoniyatning barcha zamonlariga xos muammolarni ochib bergan. Roman knyaz Nexlyudovning o‘zi uchun hayot haqiqatini kashf etishi to‘g‘risida. Asarda o‘quvchi e'tibori 2 parallel jarayonga qaratiladi: inson nafsi va ichki «men» o‘rtasidagi kurash hamda jamiyatdagi adolatsizliklar, jinoyatchilikning urchishi sabablari.
«Tirilish»dagi markaziy ijtimoiy muammo qamoqxonalarda chiriyotgan umrlar va bunga odatiy holdek qaraydigan, «qora frak kiyib, tilla hoshiyali pensne» taqib olgan sudya, prokurorlarning xudbinligi haqida. Romanda hibsxonlarda turli sabablar bilan umri chiriyotgan jinoyatchilarning bu ahvolga kelishiga sabab bo‘lgan jamiyat, ularni qamoqqa tiqqan sudya, prokuror, tergovchilarning o‘zi ham jinoyatchilikda ulardan kam emasligi, faqat ular o‘z jinoyatini «nafosat bilan» amalga oshirishi va xaspo‘shlashi tasvirlanadi.