Temur tuziklari

Asar muallifi ma'lum emas

"TEMUR TUZUKLARI" - Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar. "Tuzuki Temur" va "Tuzukoti Temur" nomlari bilan atalgan. Amir Temurning "Tuzuklar" muallifi ekanligini eʼtirof etadigan olimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Bular orasida "Temur tuzuklari"ning inglizcha tarjimonlari va noshirlari Devi va Uaytlar, mashxur turk qomusiy olimi Shamsuddin Somiy, qoʻlyozmalarning yirik tadqiqotchisi N.D. MikluxoMaklaylar ham bor. Boshqa bir guruh olimlarning fikricha, asar 16—17-asrlarda Hindistonda yozilgan.

Asar 2 qismdan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning tarjimai holi, ijtimoiysiyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat tuzishi, 27 mamlakatni, jumladan, Eron, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritishi, Oltin Oʻrda hukmdori Toʻxtamish, turk sultoni Boyazid I Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda boʻlganligi buyuk sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan.

Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan oʻziga xos vasiyat, pandnasihatlari va oʻgitlaridan iborat. Unda davlatni idora etishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qoʻshin boshliqlarini tanlash, armiyaning tuzilishi va jang olib borish qoidalari, sipohiylarning maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qoʻshin boshliklarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toju taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash yoʻsini va boshqa xususida gap boradi.